
Farzand qanday paydo bo‘ladi?
Farzand erkak va ayol jinsiy xujayralarini qo‘shilishidan paydo bo‘ladi. Xujayralarning qo‘shilishi ayollarning bachadon nayi degan joyida amalga oshadi. Qo‘shilgan xujayrani otalangan tuxum xujayra deb atalinadi. Otalangan tuxum xujayra bachadonga kelib yopishadi va 9 oyda shu xujayraning bo‘linib ko‘payishidan farzand paydo bo‘ladi. Shu jarayondagi ayol va erkak axamiyatini aloxidadan ko‘rib chiqamiz:
- Ayollik qismi. Ayollarda 1 oyda 1-2 dona tuxum xujayra paydo bo‘ladi. Bu tuxum xujayra follikula ichida yetiladi. Uning yetilib chiqadigan aniq vaqti bor. Bu ayollar oy ko‘rish siklini o‘rtasiga to‘g‘ri keladi. Yetilib chiqqan tuxum xujayra 24 soatgacha tirik turadi, so‘ng nobud bo‘ladi. Agar erkakning urug‘ xujayrasi shu 24 soat ichida tuxum xujayra bilan qo‘shilsa, tuxum xujayra rivojlanishda davom etadi. Demak, farzand bo‘lishi uchun ayollardan tuxum xujayra kerak bo‘ladi va uni ajralib chiqadigan aniq vaqti mavjud. Tuxum ajralib chiqadigan vaqtni topish uchun ayol oy ko‘radigan vaqtini ikkiga bo‘lish kerak. Buni osonroq topish uchun Google Play dan “Bepushtlik” dasturini yuklab oling. Ayollarning tuxum xujayra sonini chegarasi bo‘lib, ma’lum yoshda ularning zaxirasi tugaydi.
- Erkaklik qism. Erkakdan esa urug‘ xujayralari kerak. Shifokorlarni aralashuvisiz farzand bo‘lishligi uchun BJSST (Butun Jaxon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti) belgilagan urug‘ning me’yoriy miqdorlari zarur. Ular quyidagilardir:
- Xajmi kamida 1,5 ml bo‘lishligi kerak. Xajmni kam bo‘lishligi bepushtlikka sabab bo‘ladi. Chunki ayol a’zolarining tuzilishi natijasida ma’lum miqdor urug‘ u yerda qolib ketadi.
- 1 ml da kamida 15 mln ta urug‘ bo‘lishligi.
- Urug‘larning umumiy xarakatchanligi – 40% va ko‘proq
- Oldinga xarakat qiluvchilarining soni – 32% va ko‘proq
- Xayotchanligi (tiriklari) – 58% va ko‘proq
- Shakllanishi: me’yoriy shakldagisi (Kryuger bo‘yicha) – 4 % (14%) va ko‘proq
- MAR-test (IgG/A) – 50% dan kam bo‘lishi.
Biz avvalo erkaklardagi urug‘ ishlab chiqarish jarayonini to‘liqroq tushunib olishimiz kerak. Erkaklar moyagida birlamchi urug‘ xujayralari mavjud bo‘lib, ular bola tug‘ilganidayoq bo‘ladi. Balog‘atga yetganidan keyin ular yetilib chiqa boshlaydi. Erkaklardagi urug‘ ishlab chiqarish jarayoni shu birlamchi urug‘ xujayralar xolatiga bog‘liq. Agar ular sog‘lom bo‘lsa, erkak 100 yoshdan oshsa xam urug‘ ishlab chiqarilaveradi. Turli sabablarga ko‘ra ularning zararlanishi urug‘ ishlab chiqarishga keskin ta’sir qiladi. Bu xujayralar ikkiga bo‘linadi. Bo‘lingan xujayrani bittasidan urug‘ xosil bo‘ladi, ikkinchisi esa birlamchi urug‘ xujayra xolida qoladi. Shuning uchun ularning soni tugamaydi. Xar kuni erkakda o‘rtacha 200 mln ta xuddi shunday yangi urug‘ xujayra paydo bo‘ladi.
Yangi xosil bo‘lgan urug‘ xujayra yana bir necha marta bo‘linadi va shakllanib kattalashadi. Shakllanish va yetilish jarayoni uchun 2,5-3 oy vaqt ketadi. Yetilgan urug‘lar navbati bilan prostata bezi orqasida to‘planadi. Jinsiy aloqa vaqtida shu yerdagi to‘plangan urug‘ chiqib ketadi. To‘plangan urug‘ni o‘rni qoplanishi uchun yana 48 soat zarur bo‘ladi.
Erkaklar urug‘iga salbiy ta’sir qiladigan narsalar.

BJSST olib borgan tekshiruvda tibbiyot inson salomatligiga faqatgina 10% ga ta’sir qilishini, 20% ga irsiyat, 10% iga onkologik xolatlar va qolgan 50% iga uning yashash sharoiti (atrof-muxiti, ovqatlanishi, odatlari va xayot tarzi) ta’sir qilishi aniqlangan. Quyida biz urug‘ ishlab chiqarish jarayoniga salbiy ta’sir qiladigan omillarni sanab o‘tamiz:
- Ovqat maxsulotlarining salbiy ta’siri:
- Kofein – urug‘ tarkibida mis moddasini kamaytirib, oksidativ stressni oshiradi. Oksidativ stress – oksidlovchilar ta’sirida xujayralarni zararlanishi. Oksidlovchilar – tanada xujayralarga ta’sir qilib ularni apoptozga uchratadigan, ya’ni o‘ldiradigan moddalar. Bundan tashqari urug‘dagi aneuploidiyaga va DNK uzilishlariga xam sabab bo‘ladi.
- Kofe – kofeni ko‘p ichish farzand tutish vaqtini uzaytirib yuborgan. Ya’ni kofe ko‘p ichadiganlarda farzand bir necha oy keyinroq bo‘lgan.
- Konservalangan ovqatlar, fast fud va jank fud – ularning tarkibida juda ko‘p ximiyaviy konservantlar, sun’iy qo‘shimchalar va GMO mavjud.
- Plastik ovqat idishlari – ularning tarkibida bisfenol A degan modda bo‘ladi. Shu modda urug‘ sifatini 27% gacha pasaytirishi aniqlangan. Bu modda xamma plastik idishlarda xam mavjud emas.
- Baliq fermalarida yetishtirilgan yog‘li baliqlar: baliqlarning kasalliklariga qarshi solinadigan moddalar ichida polixlor bifenillar bo‘lib, ular baliqlarning yog‘ida to‘planadi. Bu modda urug‘ning DNK fragmentatsiyasiga sabab bo‘ladi.
- Semizlik: semizlik farzand ko‘rishga ko‘p tomonlama ta’sir qiladi. Tana vaznni xar 9 kg ga oshishi bepushtlik extimolini 10% ga oshirar ekan. Uning zararlari quyidagicha:
- Urug‘ DNK sini butunligiga ta’sir qiladi va DNK fragmentatsiyasini oshishiga olib keladi.
- Testosteron kamayadi. Yog‘ to‘qimadagi aromataza fermenti testosteronni esterogenga aylantiradi.
- Xromosomada o‘zgarish bo‘ladi.
- Leydig xujayra faoliyati pasayadi.
- Sigaret chekish – buning tarkibiga aktiv chekish (inson o‘zi chekishi) va passiv chekish (boshqaning sigaret tutunini xidlash) xam kiradi. Sigaret chekishni quyidagi zararlari mavjud:
- Qanchalik ko‘p cheksa, urug‘dagi DNK fragmentatsiyasi shunchalik ko‘p uchraydi. Bunga asosiy sabab sigaret tarkibidagi qo‘rg‘oshinni ko‘p bo‘lishidir.
- Undagi ba’zi moddalar to‘qimalardagi tomirni toraytiradi va qon aylanishini buzadi.
- Sigaret tarkibidagi ko‘plab zaxarlarni xam bevosita ziyoni tegadi.
- Alkogol (spirtli) ichimliklar ichish. Xalq orasida turli xato ma’lumotlar tarqalib ketgan. Bu ma’lumotlarni tarqalishiga o‘zi xam ichadigan shifokorlarni ta’siri katta. Xar qanday turdagi spirtli ichimlik xar qanday miqdorda xam zararli. Buni juda ko‘p olimlar ilmiy jixatdan asoslashgan. Qizil vino “issiqlik” va qonni ko‘paytiradi, pivo siydik (tuz va tosh) xaydaydi, konyak issiqlik xisoblanadi …. va shunga o‘xshash juda ko‘p yolg‘on va xato gaplar tarqalgan. Bularning xammasi ilmiy asossiz va yolg‘on ma’lumotlardir. Spirtli ichimliklarni urug‘ga ta’siri quyidagichadir:
- Urug‘ning DNK butunligiga ta’sir qiladi.
- DNK fragmentatsiyasini oshiradi
- Urug‘ apoptozini (o‘lishini) ko‘paytiradi.
- Eyakulyat xususiyatlariga salbiy ta’sir qiladi.
- Opiatlar ta’siri. Opiatlarga quyidagilar kiradi: morfin, kodein, narkotin, geroin, ekstazi va boshqalar. Ularning uruqqa ta’siri:
- Eyakulyatda oksidativ stressni oshiradi
- DNK fragmentatsiyasini oshiradi
- Xavoni ifloslanishi. Ishlab chiqarish zonalari va mashina ko‘p bo‘lgan shaxarlarda xavo ifloslanishi kuchli bo‘ladi. Ularning uruqqa ta’siri:
- Urug‘ sifatiga ta’sir qiladi
- Urug‘ genlarida polimorfizm keltirib chiqaradi
- Katta magistral yo‘lda ishlaydiganlarda urug‘ sifati pastroq bo‘ladi.
- Nos chekish. Nosning tarqalishi oqibatida uning zararlari xaqida bir nechta maqolalar chop etildi. Qirg‘izistondagi institut e’lon qilgan maqolada bir marotaba chekilgan nosning uruqqa tegadigan zararlovchi ta’siri umrning oxirigacha qolishi aniqlangan.
- Uyquning ta’siri. Uyqu vaqtida tanamizning aksariyat qismi dam oladi va ba’zi qismlariga yuklama pasayadi. Uyqu vaqtida tanadan ma’lum turdagi moddalar ishlab chiqariladi. Uyqu buzilishida kortizol miqdori oshadi va testosteron miqdori kamayadi. Uyquni buzilishini erkaklik urug‘iga ta’siri quyidagichadir:
- Uyquga ketish qiyin bo‘lganlarda eyakulyat xajmi kamaygani aniqlangan.
- Tunni ko‘p qismini uyg‘oq o‘tkazadiganlarda urug‘ xarakatchanligi pasaygan.
- Ertalab vaqtli turadiganlarda muammo bo‘lmagan.
- Yangi texnologik vositalar ta’siri. Kompyuter, televizor, mobil telefon, mikroto‘lqinli pech va boshqa vositalar o‘zidan ko‘zga ko‘rinmas turli to‘lqin va nurlanishlar chiqaradi. Bu to‘lqin va nurlanishlar erkaklik urug‘iga salbiy ta’sir qiladi.
- Tanadan tashqaridagi urug‘larga 3 soatlik telefon nurlanishi ta’sir qilganda, ularning xarakatchanligini 90% ga pasaytirgan.
- Xarorat. Moyak tanadan tashqarida bir necha qavat to‘qima bilan o‘ralgan xolatda turadi. Uning xarorati tana xaroratidan 3-5ᵒ S ga pastroq bo‘ladi. Uni xaroratini mushak qavati boshqaradi. Ya’ni issiq vaqtda moyak tanadan qochib, pastga osiladi, sovuqda esa tanaga yaqinlashadi. Uning bu xarakatiga qarshilik qilinsa yoki tashqi xarorat ta’sir qilsa, urug‘ ishlab chiqarish buziladi. Undagi xarorat o‘zgarishi quyidagilarga bog‘liq:
- Tor ichki kiyim yoki tor shim kiyish.
- Doimiy o‘tirish.
- Issiq sharoitda ishlash. Issiq pechka oldida, turli temir quyish sexlarida, pishiriq sexlarida, tandirlar oldida va boshqa shunga o‘xshash kasblarda ishlash.
- Xammom va sauna parxonalariga tushish
- Uzoq vaqt sovuqda qolib ketish xam salbiy ta’sir qiladi.
- Kasb. Ba’zi kasblarda urug‘ uchun zararli omillar bo‘lishi mumkin:
- Issiq sharoitda ishlash.
- Ionlovchi nurlar: rentgen xonalarda, konlarda
- Vibratsiya bilan ishlovchi kasblar
- Pestitsid va boshqa ximiyaviy zaxarlar bilan ishlovchilar: dexqon, fermer, ximzavod ishchilari. Pestitsidlar tarkibida fosfororganik birikmalar bo‘lib, ular urug‘ DNK fragmentatsiyasini oshiradi.
- Dorilarning salbiy ta’sirlari. Urug‘ rivojlanish va tashqariga chiqarish jarayoni juda murakkabdir. Turli gurux dorilari shu jarayonni turli qismlariga ta’sir qilib, urug‘ yetilishiga va farzand ko‘rishga salbiy ta’sir qiladi. Ularni birma-bir ko‘rib chiqamiz:
- Antibakterial dorilar: sulfanilamidlar, gentamitsin, oksitetrasiklin, ba’zi sefalosporinlar, kolimitsin, penitsillinni kaliyli tuzi, trimetopril kabi dorilar kiradi. Ularning ziyoni quyidagicha bo‘ladi:
- Spermatogen epiteliyga salbiy ta’sir qiladi.
- Urug‘ yo‘llari, urug‘ qopcha va ampulani qisqarishiga sabab bo‘ladigan retseptorlarni bloklaydi. Natijada obstruksion aspermiya bo‘ladi. Ya’ni urug‘ni chiqishiga qiyinchilik tug‘diradi.
- Urug‘ rivojlanish jarayonini pasaytiradi. Spermatogoniylar bo‘linishini qisman yoki to‘liq bloklaydi.
- Gipotenziv dorilar. Qon bosimini pasaytirish uchun ishlatiladigan tiazid guruxidagi siydik xaydovchilar, klonidin, metildofa va beta-adrenoblokatorlar shular jumlasiga kiradi. Ularning ta’siri quyidagicha:
- Beta-blokatorlar urug‘ yo‘llaridagi beta-adrenoretseptorlarni bloklashi natijasida eyakulyat miqdorini kamaytiradi va prolaktin miqdori oshishiga sabab bo‘ladi.
- Antiandrogen ta’sirga ega barcha qon bosimni pasaytiruvchi dorilar urug‘ rivojlanishiga xam jinsiy quvvatga xam salbiy ta’sir qiladi.
- Gormonal dorilar. Qondagi qand miqdorini pasaytiruvchi gormonlar (insulin) va anabolik gormonlar (erkaklik va boshqa steroid gormonlar) xam urug‘ rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Ularning ta’siri quyidagichadir:
- Jinsiy quvvatni pasaytiradi
- Steroid gormonlarni uzoq vaqt me’yordan oshiqcha tushishi xujayralar o‘tkazuvchanligiga va Leydig xujayralarini degeneratsiyasiga sabab bo‘ladi. Natijada qaytmas darajada bepushtlik va feminizatsiya (ayollik belgilarini paydo bo‘lishi) kuzatilishi mumkin.
- Neyroleptiklar. Galoperidol, xlorpromodin va perfenazin kabi dorilar ginekomastiya (erkak ko‘krak bezini kattalashib ketishi), oligospermiya (urug‘ni kamayishi), impotensiya (jinsiy ojizlik) va prolaktin oshishiga sabab bo‘ladi. Ularning ta’sir mexanizmi quyidagicha:
- Orqa miyadagi jinsiy markaz va jinsiy a’zolar nervining vegetativ qismiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada shu markazlardagi xujayralar o‘ladi va orqa miya markazlari faoliyati buziladi. Turli erogen zonalarni sezgirligi pasayadi.
- Antidepressantlar. Trisiklik va MAO ingibitorlari turlicha ta’sirga ega:
- Amitriptilin, imipramin va trizadon kabi dorilar ta’sirida priapizm rivojlanishi mumkin. Priapizm – zakarni uzoq vaqt og‘riqli ereksiyasi (qattiqlashishi).
- Fenelzin kabilar esa anorgazmiya berishi mumkin. Anorgazmiya – jinsiy aloqadagi lazzatlanishni yo‘qolishi.
- Psixotrop dorilar. Trankvilizator va psixostimulyatorlar endokrin tizimiga ta’sir qilishi orqali jinsiy faoliyatga va urug‘ ishlab chiqarishiga ta’sir qiladi. Ular libidoni, ereksiya va eyakulyatsiyani buzilishiga olib keladi.
- Boshqa gurux dorilari:
- Sitostatiklar: o‘smaga qarshi dorilar bo‘lib, bular xaqida xam oldingi qismlarda to‘xtalib o‘tilgan.
- Yurak glikozidlari
- Glyukokortikoidlar
- Antiandrogenlar
- H2 – gistamin retseptor blokatorlari
- Tuberkulyozga qarshi dorilar
- Antibakterial dorilar: sulfanilamidlar, gentamitsin, oksitetrasiklin, ba’zi sefalosporinlar, kolimitsin, penitsillinni kaliyli tuzi, trimetopril kabi dorilar kiradi. Ularning ziyoni quyidagicha bo‘ladi:
Urug‘ topshirish qoidalari.
Urug‘ taxlili (spermogramma) – bemorda birinchi navbatda qilinadigan tekshiruv. Bu tekshiruv uchun maxsus tayyorgarlik ko‘rish kerak. Urug‘ yetilishi 74-75 kun vaqt talab qiladi, keyinchalik shakllanishi va tashqariga chiqishi uchun yana 7-14 kun vaqt ketadi. Demak, urug‘ topshirish uchun kamida 2-3 oy oldindan tayyorgarlik qilish kerak.
Yuqorida sanab o‘tgan omillarimiz bevosita urug‘ rivojlanishiga ta’sir qiladi. Shuning uchun urug‘ taxlili topshirishdan oldin va bepushtlikda doimiy ravishda yuqoridagi omillardan saqlanish zarur.
Urug‘ topshirish sharoiti:
- Oxirgi jinsiy aloqadan so‘ng 2-3 kun saqlanish kerak va 7 kundan oshib ketmasligi zarur. Shu kunlardan oldinroq va kechroq topshirish taxlil noto‘g‘ri chiqishiga olib keladi.
- Yuqoridagi sanab o‘tgan omillarimizdan saqlanish kerak.
- Urug‘ olishni bir nechta usullari mavjud:
- Masturbatsiya – Yevropa urologlar assotsiatsiyasi tavsiya qilgan usul. Yaxshi jinsiy qo‘zg‘alish bo‘lishi kerak va urug‘ni barchasi taxlil idishiga tushishi zarur. Agar urug‘ning ma’lum qismi tashqariga tushsa, shifokorga buni aytish kerak. Yuqorida ko‘rib chiqqanimizdek tashqariga chiqadigan eyakulyat (umumiy urug‘ suyuqligi) tarkibining faqatgina 5% i toza urug‘ xujayralaridan iborat. Urug‘ning ozginagina qismi idishdan tashqariga tushishi urug‘ taxlilini noto‘g‘ri chiqishiga sabab bo‘ladi.
- Jinsiy aloqa orqali prezervativga olish – odatdagi prezervativlarda uruqqa ta’sir qiladigan modda bo‘lgani uchun maxsus prezervativlardan foydalanish kerak.
- Vibrostimulyatsiya orqali urug‘ni olish – bu va bundan keyingi usul orqa miya shikastlanishi oqibatida urug‘ni tashqariga chiqmasligida ko‘proq foydalaniladi.
- Elektrostimulyatsiya orqali urug‘ni olish
- Urug‘ni imkoni boricha laboratoriya binosida olish kerak. Agar uydan olib kelinadigan bo‘lsa, 20-37ᵒS xaroratda 60 minutdan oshiq bo‘lmagan vaqtda laboratoriyaga yetkazib kelish shart. Urug‘ olingan aniq vaqtni belgilash kerak. Urug‘ solingan idishni kaft ichida yoki qo‘ltiq orasida olib kelish mumkin.
- Agar urug‘ni bakteriologik tekshiruvga topshiriladigan bo‘lsa, qo‘l va zakarni yaxshilab sovunlab yuvish zarur xamda sterillangan idish kerak bo‘ladi.
Me’yordagi urug‘ taxlilining natijalari quyidagicha bo‘ladi (BJSST ning 2010 yildagi tavsiyasi):
- Urug‘ suyuqligining xajmi – 1.5 ml va ko‘proq
- Spermatozoidlarning umumiy soni – 39 mln va ko‘proq
- Spermatozoid konsentratsiyasi – 15 mln/ml va ko‘proq
- Spermatozoidlarning umumiy xarakatchanligi – 40% va ko‘proq
- Oldinga xarakat qiluvchilarining soni – 32% va ko‘proq
- Xayotchanligi (tiriklari) – 58% va ko‘proq
- Shakllanishi: me’yoriy shakldagisi (Kryuger bo‘yicha) – 4 % (14%) va ko‘proq
- MAR-test (IgG/A) – 50% dan kam bo‘lishi.
Urug‘ taxlilini xulosasi sifatida ishlatiladigan atamalar:
- Normospermiya (normozoospermiya) – xamma ko‘rsatgichi me’yorda bo‘lishi
- Oligozoospermiya – konsentratsiyasi me’yordan kam bo‘lishi
- Astenozoospermiya – xarakatchanligi me’yordan kam bo‘lishi
- Teratozoospermiya – shakllanishi me’yordan kam bo‘lishi
- OAT sindromi (oligoastenoteratozoospermiya) – konsentratsiyasi, xarakatchanligi va shakllanishi bir vaqtda me’yordan kam bo‘lishi
- Azoospermiya – urug‘ suyuqligida spermatozoidlarni bo‘lmasligi
- Aspermiya – urug‘ suyuqligini bo‘lmasligi
Bundan tashqari quyidagi atamalar xam ishlatiladi:
- Oligospermiya – urug‘ suyuqlik xajmini me’yordan kam bo‘lishi
- Leykotsitospermiya (leykospermiya, piospermiya) – urug‘dagi leykotsitlar sonini me’yordan ko‘p bo‘lishi
- Akinospermiya – urug‘larning umuman xarakatsiz bo‘lishi
- Nekrospermiya – tirik urug‘ni bo‘lmasligi
- Kriptospermiya – urug‘ sonini juda kam bo‘lishi. Odatda sentrifugadan so‘ng topiladi.
- Gemospermiya – urug‘da qon bo‘lishi
Urug‘ taxlili yaxshi chiqsa boshqa topshirish shart emas. Urug‘ taxlili me’yordan farq qiladigan bo‘lsa, yana 2-3 marta topshirib, so‘ng xulosa chiqarish kerak. Sog‘lom inson xam bir necha bor urug‘ topshirganida, xar safar turlicha katta farqlar bilan chiqishi aniqlangan. Shuning uchun birinchi urug‘ taxlili yomon chiqqan xolatida, tez xulosa chiqarish kerak emas.