
Bola qanday paydo bo‘ladi?
Bizga murojaat qiladigan juftliklarning deyarli barchasida bola paydo bo‘lishi xaqida tushuncha umuman yo‘q. Bola qanday paydo bo‘ladi? Qaysi vaqt paydo bo‘ladi? Qanday xolatda paydo bo‘ladi? Bola bo‘lishi uchun jinsiy aloqadan keyingi xolatlar? kabi savollarga javob izlaymiz.
Avvalo xammamizga ma’lum bo‘lgan tuxumdan jo‘ja chiqishini tushunib olaylik. Tovuqlar xar kuni bir donadan tuxum qo‘yadi.
Tuxum – bu bir dona xujayradir.
Tuxum – tovuq tanasidagi eng katta xujayradir.
Agar tovuqning xo‘rozi bo‘lmagan xolidagi tuxumlarini “bostirilsa” yoki inkubatorga qo‘yilsa, undan jo‘ja chiqmaydi. Doim “palag‘da” bo‘ladi. Sababi: tuxumda faqat “ayollik” qism bo‘ladi. Erkaklik qism esa yetishmaydi. Qachonki tovuq xo‘rozi bilan birga bo‘lganidagi tuxumini “bostirilsa”, undan 21 kunda jo‘ja chiqadi. Tuxumdan jo‘ja chiqishini bizning telegram kanalimizdagi videodan ko‘rishingiz mumkin.
Insonda xam shunga o‘xshash xolat bo‘ladi. Faqat ba’zi farqlarni bilib olishimiz kerak.
Ayollik qismi.
Ayollarda xam xuddi tovuqlardagi kabi tuxum xujayra bo‘ladi. Tovuqlardan farqli ravishda, ayollar bir oyda BIR dona, ba’zan IKKI dona tuxum qo‘yadi. Bu tuxum xujayra ayollarning tuxumdon deb nomlangan a’zosida, follikulani ichida yetiladi. Vaqti yetganida follikula yorilib, ichidan tuxum xujayra chiqadi. Bu tuxum chiqib, ayollar bachadon naylarida erkaklik urug‘larini kutib turadi. Tuxum xujayra 24 soat davomida tirik bo‘ladi. Agar erkaklik urug‘lari kelib qo‘shilsa, “otalangan tuxum xujayra”ga aylanadi. Otalangan tuxum xujayra bachadon naylaridan o‘tib, bachadon tanasiga yetib boradi. Shu yerga “yopishadi”. Asta sekinlik bilan yo‘ldosh rivojlanadi. Ayni shu xolatda 9 oy davomida bola rivojlanadi.
Erkaklik qismi.
Erkaklar moyagida urug‘ xujayralar joylashgan bo‘lib, ular yetilmagan xolatda bo‘ladi. Ular vaqt o‘tgani sari moyak ortig‘iga xarakatlanadi. Shu yerda yetilish yakunlanadi. Bir kunda 200 mln atrofida urug‘ yetiladi. Moyak ortig‘idan urug‘ yo‘liga o‘tadi. Xarakatlanib borib, qovuq orqasida urug‘ qopchaga yaqin joyda to‘planadi. Jinsiy aloqada esa shu yerdan prostata yo‘liga o‘tadi va siydik yo‘li orqali otilib chiqadi. Urug‘ xujayralar ayollar ichida 2-3 kungacha (yangi ma’lumotlar bo‘yicha 5 kungacha) tirik yuradi. Ayol jinsiy yo‘liga tushgan urug‘ning bir qismi shu yerda qolib ketadi. Ma’lum qismigina bachadon bo‘ynidagi shilliqni eritib, bachadon ichiga o‘tadi. Bachadon tanasi orqali bachadon naylariga boradi. Shu yerda ular tuxum xujayraga yo‘liqadi. Xamma urug‘ xujayralar tuxum ichiga kirishga xarakat qiladi. Ammo faqat bittagina urug‘ xujayra buni uddasidan chiqadi. Qolgan urug‘ xujayralari shu yerlarda qolib ketadi.
Qisqa xulosa
Bola bo‘lishi uchun quyidagi xolatlar zarur:
- Ayollarda tuxum xujayra yetilib chiqishi va urug‘ni kutishi.
- Erkaklik urug‘i bachadon nayiga yetib borishi va tuxum bilan qo‘shilishi.
- Otalangan tuxum xujayra bachadonga kelishi va yopishishi.
Bir xujayradan bola paydo bo‘lguncha xolatni ko‘rsatuvchi videoni bizning telegram kanalimizda ko‘rishingiz mumkin.
Muallif: Odilxon Islomov